Neniki sharob deb o'ylab yugurdim,
Sarob bo'lib chiqib, qoqildim yo'lda.
Qayerdaki ko'm-ko'k jannatni ko'rdim,
Uchib yetgach hayron, tentidim cho'lda.

Neni oy deb o'ylab, ko'zimni tikib,
Zarrin shu'lasiga yuz tutdimki zor,
Oy deb o'ylaganim yoy bo'lib chiqib,
U otgan o'qlardan ko'ksim yarador.

Neniki mangu deb ushlagan paytim,
Baliqday sirg'alib chiqdi qo'limdan.
Ortiq oldi, ammo bermadi qaytim,
Savdogarlar chiqib ba'zan yo'limdan.

Qay bog' qorovulin g'aflatki oldi,
Bog'ni talon etar o'g'riyu kazzob.
Bu kun darmon ketib tizlarim toldi,
Sizki yonimdasiz, yonimda azob.

Kim men qushcha misol talpingan damim,
Qarg'aday xo'mrayib tashladi nazar.
Bu kun ularda bor o'chim, alamim,
Bu kun men ulardan qilarman hazar.

Ishqingizdan qoldi yuragimda dog',
Angladim ishqingiz o'tsiz ekanin.
Porlab ko'ringan gul bo'ldi-yu yantoq,
Ko'nglimni qon qildi uning tikani.

Agar ishqingizda bo'lsa edi o't,
Bu qora quyunlar qilmas edi kor
Va mening qalbim ham qolarmidi but,
Ming bitta baloga bo'lmay giriftor.

Bu chigal xatolar to'ydirdi juda,
Tilagim oq, sizga duch kelsin baxt, shon.
Ammo menga ayting bir og'iz vido
Va uzilsin bizni bog'lagan arqon.

Siz bilan minnatdor xayrlashaman...








